Toshkent viloyati shaharlarida jamoat transporti uchun to‘lov narxi o‘zgaradi. Bu bo‘yicha 31-may kuni viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli qarori e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, vaqtga bog‘langan soatlik, kunlik, oylik va yillik limitsiz tariflar, naqd to‘lovni elektron to‘lovga nisbatan 30%ga yuqori etib belgilash ma’lum qilingan.

Jumladan, bir nafar yo‘lovchi uchun qatnov bank va transport kartalari orqali amalga oshirilganda 1700 so‘m, naqd to‘lovda 2500 so‘m etib belgilangan.

Bir nafar yo‘lovchining bagajini tashish xarajatlari ham 2500 so‘mni tashkil etadi.

Qarorga ilova qilingan jadvalga ko‘ra, bir yo‘lovchi uchun olti oylik to‘lov 900 ming so‘m, bir yilligi esa 1 mln 826 ming so‘m etib belgilangan.

Talaba, o‘quvchi, pensioner va nogironlar uchun olti oylik to‘lov 450 ming so‘m, yillik to‘lov esa 913 ming so‘mni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, qaror e’lon qilingan kunidan kuchga kirishi belgilangan.


Avvalroq “Spot” Toshkentda jamoat transportida yo‘l haqi 1-noyabrdan oshirilishi haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tariflar naqd pul va bank kartalarti orqali 2000 so‘m, ATTO transport kartalari orqali to‘lov uchun esa 1700 so‘m etib belgilanmoqda.