Farg‘onada Xitoy avtomobilsozlik texnoparkini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “China Triumph International Engineering” hamda “China Xiaou Group” kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda viloyat hududida Xitoy avtomobilsozlik texnoparki tashkil etish hamda yangi brend ostida butlovchi qismlari mahalliylashtirilgan avtomobillar ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi.
Loyihaning birinchi bosqichida Xitoydan keltirilgan qismlarni yig‘ish, bo‘yash hamda sozlash liniyalari yo‘lga qo‘yilib, yiliga 60 ming dona gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar, maxsus transport vositalarini ishlab chiqarish belgilangan.
Keyingi bosqichda texnoparkda barcha butlovchi qismlarni ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish hamda ularning kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish orqali ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini yillik 1 mln donaga yetkazish loyiha-rejada ko‘zda tutilgan.
Buning uchun jami 200 gektar yer maydoni talab etilishi ma’lum qilindi. Avtomobillar yangi, mahalliy brend nomi ostida ishlab chiqariladi.
Xitoy avtomobilsozlik texnoparkiga o‘nlab Xitoy kompaniyalarining investitsion ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirish rejalashtirilgan.
Xitoylik investorlar tomonidan qisqa muddat ichida amalga oshiriladigan investitsion loyihalarning aniq amalga oshirish muddati, kiritiladigan sarmoyalarning miqdori hamda yaratiladigan ish o‘rinlari soni bo‘yicha aniq asoslangan biznes-rejani ishlab chiqishga kelishildi.
Yil boshida Xitoy kompaniyasi Farg‘onada paxta terish mashinalarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi. Bu turdagi mashinalarni yig‘ishni yo‘lga qo‘yish hamda servis markazini tashkil etishga kelishildi.