30-may kuni “Majburiy raqamli markirovkalash jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-sentabridan tadbirkorlar tomonidan markirovkalanadigan mahsulotlarni markirovkani o‘qish qurilmalaridan foydalanmagan holda sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda ularga nisbatan choralar ko‘riladi. Mazkur tadbirkorlar shaxsiy kabineti orqali holat yuzasidan ogohlantiriladi.
Bunda, ikki marta ogohlantirishdan so‘ng qonun buzilishi bir oy ichida qayta takrorlansa, huquqbuzarlik sodir etilgan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi.
Qonun buzilishi soliq tekshiruvidan bir oydan keyin qayta takrorlansa, tadbirkorlarni xabardor qilmasdan, Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda soliq tekshiruvi tayinlanadi.
Soliq qo‘mitasi har chorakda majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar orasida nazorat tadbirlarini o‘tkazadi.
Bunda tadbirkorlar har bir hududdan inson omilisiz avtomatik tarzda kamida 10%i tanlab olinadi hamda qonun buzilishi aniqlanganlar faoliyati keyingi uch chorak davomida nazorat qilib boradi.
2027-yilgacha markirovkani o‘qish qurilmalarini sotib olish xarajatlari summasiga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq yoki YTTlar tomonidan to‘lanadigan JShODS summalarini kamaytirish huquqi beriladi.
Bu raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlar uchun taqdim etilib, bitta qurilma uchun BHMning 4 baravaridan (1,36 mln so‘m) ko‘p bo‘lmagan miqdorda qo‘llaniladi.
Majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni markirovkalash uchun zarur bo‘lgan va import qilinadigan uskunalar (TIF TN kodlari: 7616 999 009, 9029 900 009, 8544 499 500 va 8528 529 000) 2024-yilning 1-iyunidan 2027-yilning 1-iyunigacha bojxona bojidan ozod qilinadi.
Joriy yilning 1-martidan suv va alkogolsiz ichimliklarni majburiy markirovkalashni joriy etildi. Soliq qo‘mitasining qayd etishicha, bu ichki bozorni kontrafakt mahsulotlardan tozalab, yashirin iqtisodiyat ulushini kamaytiradi.