Rossiyaning “Dut” lounj-barlar tarmog‘i Toshkentda o‘z muassasasini ochish orqali O‘zbekiston bozoriga kirdi. Bu haqda “Spot"ga tarmoq matbuot xizmati xabar berdi.

Muassasa uchta hududni o‘zida birlashtirgan — kalyan bar, kokteyl bar va stol o‘yinlari va PS5 konsollari joylashgan o‘yin maydoni.

Muassasa Toshkentda 24-may kuni ochildi. U tarmoqda 22-o‘ringa, O‘zbekiston esa Rossiya va Belarusdan keyin uchinchi davlatga aylandi.

“Biz Toshkentda filial ochish g‘oyasini anchadan beri o‘ylab yurgan edik. O‘zbekistonda tug‘ilganlar sifatida biz har doim respublikaga mehr va iliqlik bilan munosabatda bo‘lib, ko‘plab yaqin aloqalarni saqlab kelganmiz. Taxminan ikki yil oldin Toshkentga uchib kelganimizda, bozor ulkan salohiyatga ega ekanligini va aholining to‘lov qobiliyati katta investitsiyalar bilan ajoyib loyihalarni amalga oshirishga imkon berishini angladik”, dedi tarmoq asoschisi Ildar Gazizov.

Kompaniya Toshkentdagi muassasaga kiritilgan sarmoya hajmini oshkor qilmadi. Rejalarda Toshkent va boshqa shaharlarida yangi punktlarni ochish ham bor.


Avvalroq “Spot” “Domino‘s Pizza” o‘zining ilk restoranini Toshkentda ochganini yozgandi.

O‘zbekiston pitseriya tarmog‘i faoliyat yuritayotgan 95-mamlakatga aylandi. Hozirda boshqa muassasalarning qurilish jarayoni davom etmoqda.