El-yurt umidi jamg‘armasining stipendiya tanlovi nima uchun e’lon qilinmayotganiga izoh berildi. 3-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputat Doniyor G‘aniyev “El-yurt umidi” jamg‘armasi bo‘yicha savol bilan yuzlandi.
Deputat bu borada talaba-yoshlardan murojaatlar bo‘layotganini, yilning bu paytida tanlov amalga oshirilib, natijalari e’lon qilinishini, jamg‘arma tomonidan haligacha yangi o‘quv yili uchun tanlov e’lon qilinmayotganini bildirdi.
“Yuzlab yoshlarda „budjet defitsitini qisqartirishda jamg‘arma mablag‘larini qisqartirish ko‘zda tutilayaptimi“, degan xavotir borki, buni nazoratga olib, budjet mablag‘larida o‘zgarish bo‘lmasa, tanlovni tezroq amalga oshirishda hukumat tomonidan yordam ko‘rsatilsa, minnatdor bo‘lardik”, — dedi deputat.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimovning qayd etishicha, “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2023-yilda budjet mablag‘lari hisobidan 200 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 2024-yilda mazkur maqsadlar uchun 550 mlrd so‘m mablag‘lar rejalashtirildi.
O‘tgan yili 965 nafar talabaning xorijda ta’lim olishi uchun xarajatlar ajratilgan bo‘lib, joriy yilda qabul kvotasi oshirilishi belgilangan.
“Xavotirga o‘rin yo‘q. Bu mablag‘larni maqbullashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilmayapti. Hozirgi kunda „El-yurt umidi“ jamg‘armasiga bevosita mas’ul bo‘lgan Prezident huzuridagi boshqaruv akademiyasining tayyorlagan loyihasi bor, u tegishli tartibda tasdiqlanadi”, — dedi Otabek Fozilkarimov.
Shuningdek, u qabul kvotalari keskin oshgani sabab, kechikishlar yuzaga kelganini, bu bo‘yicha batafsil ma’lumot berilishini ta’kidladi.
2023-yili “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya tanlovida jami 500ta o‘rin bo‘yicha kvotalar ajratilgandi.
Joriy yilning fevral oyida jamg‘arma Prezident Administratsiyasi huzuriga o‘tkazilishi va xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi.
Endi jamg‘arma hisobidan yoshlarni chet elga o‘qishga yuborishda malakali va sifatli injener hamda texnologlar tayyorlashga ustuvorlik beriladi.