2025-yil boshigacha Rossiya O‘zbekistonda ikkita gidroakkumulyatsiyalovchi elektr stansiyasini (GAES) qurishning texnik-iqtisodiy asoslarini (TIA) ishlab chiqadi. Bu haqda “RusGidro” energetika kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“RusGidro” tarkibiga kiruvchi “Gidroproyekt” loyiha-qidiruv va ilmiy-tadqiqot instituti Aydarko‘l va Qarateren ko‘llarida ikkita yirik gidroakkumulyatsiyalovchi elektr stansiyasini loyihalashtiradi. Bu bo‘yicha aprel oyida “O‘zbekgidroenergo” “RusGidro” bilan ikkita shartnoma tuzdi. Buyurtmachi tender natijalariga ko‘ra tanlandi.
Turbinali rejimda Qaraterendagi GAES quvvati 500 MVt, nasos rejimida esa 600 MVtni tashkil qiladi. Aydarko‘l GAESning quvvati mos ravishda — 250 MVt va 300 MVt.
“RusGidro” GAESning yuqori manevrli quvvati O‘zbekiston energiya tizimining ishonchli va samarali ishlashini ta’minlash uchun, ayniqsa, quyosh va shamol energiyasini ishlab chiqarishning muhim quvvatlarini ishga tushirishni hisobga olgan holda zarur ekanligini ta’kidlaydi.
2023-yilda “O‘zbekgidroenergo” buyurtmasi bo‘yicha mamlakatda GAESni joylashtirish sxemasi ishlab chiqildi, shuningdek, yig‘uvchi elektr stansiyalarini joylashtirish uchun 8ta istiqbolli maydonchalar aniqlandi va istiqbolli GAESning dastlabki parametrlari va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari belgilandi.
Bundan tashqari, “RusGidro” kompaniyasi Mullalak GESi qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqdi, Pskom GESining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish doirasida qo‘shimcha muhandislik tadqiqotlari va loyihalash ishlarini ilmiy-texnik ta’minlashni amalga oshirdi.
28-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Aydarko‘l va Qarateren ko‘llarida umumiy ishlab chiqarish quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita gidroakkumulyatsiyalovchi elektr stansiyasini (GAES) qurish rejasini e’lon qilgandi.
Avvalroq Rossiya O‘zbekistonda temir yo‘l uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.