O‘zbekistonliklar turli sohalar bo‘yicha Qatarga ishga jalb qilinadi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikda Qatar davlat Mehnat vaziri Janob Ali bin Samih al-Marri boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tomonlar O‘zbekistondan Qatarga ishchi kuchini jalb etish, ularni tayyorlash va uyushgan tarzda yuborish masalalarini muhokama qilishdi.
2023-yilning 6-iyun kuni Samarqandda ikki davlat hukumatlari o‘rtasida “Qatar Davlati hududida ishchi kuchi bandligini tartibga solish to‘g‘risida"gi bitim imzolangan. Uchrashuvda bu bitimni hayotga tatbiq etish mexanizmlariga to‘xtalib o‘tildi.
Qatar davlat Mehnat vazirining ta’kidlashicha, ushbu mamlakatda ayni vaqtda tibbiyot, ta’lim, IT, mahsulotlarni sanoat usulida qayta ishlash, mehmonxona xizmati va OAV sohalarida xorijlik ishchi kuchiga talab yuqori.
Ushbu davlatda ishlash istagida bo‘lganlarni qiynayotgan eng katta masala bu til to‘sig‘i ekanligi aytib o‘tildi. Behzod Musayev mazkur muammoni yechish bo‘yicha shu yerdagi mavjud tajribadan kelib chiqib, ishchi kuchini maqsadli tayyorlash bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.
Shuningdek, Janob Ali bin Samih al-Marri xorijdan borib ishlovchilarning huquqlari davlat tomonidan mustahkam himoya qilinishi, bu maqsad va ko‘rsatkichlar “Qatar Vision — 2030” dasturida ham belgilanganligini qayd etdi.
Xorijlik ishchilarning ijtimoiy himoyasi, tibbiy sug‘urtasi, oylik, transport va yashash joylari xarajatlarini ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplash yo‘lga qo‘yilganligi, chetdan borib ishlovchi ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘mita tashkil etilganligi aytib o‘tildi.
Ikki davlat vazirliklari o‘rtasida qo‘shma komissiya tuzilib, uning navbatdagi yig‘ilishi Qatarda o‘tkaziladi va unda hamkorlikni rivojlantirishga oid bitim imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda hunarmand va quruvchilar uchun nemis tili kurslari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Nomzodlar Germaniyada o‘qish va kasbiy ta’lim olishlari uchun loyihalarga jalb qilinadi.