Joriy yilning 1-avgustidan “Agroplatforma” axborot tizimidan foydalanish uchun pullik xizmat ko‘rsatish asosida ish olib boriladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Agroplatforma.uz tizimi paxta, boshoqli don, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlarini raqamlashtirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish maqsadida 2023-yilning 1-sentabrida ishga tushirilgan.

Tizim 3 yil davomida ishlab chiqilgan bo‘lib, 1 yil davomida mamlakat miqyosida to‘liq aprobatsiyadan o‘tkazilgan.

Foydalanuvchilardan olinadigan abonent to‘lovi evaziga tizimning 24/7 uzliksiz rejimda ishlashini ta’minlash, joriy va kelgusida texnik-qo‘llab quvvatlash, takomillashtirib borish xizmatlarini tijoratlashtirish rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan, avgustdan boshlab “Agroplatforma” axborot tizimidagi xizmatlardan foydalanish pullik asosda amalga oshiriladi.

Ta’rif to‘lovlari bo‘yicha ma’lumotlarni “Agroplatforma” hamda tizimga joylashtirilgan “Ommaviy oferta"dan olishi mumkin.

Bundan tashqari, “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi"ning 71 206 7007 raqamlari orqali murojaatlar qabul qilinadi.

Joriy yilning fevralida prezident bog‘, tokzor, sabzavot, poliz, ozuqa ekini va issiqxonadan iborat 1,8 mln gektar yerlarni to‘liq raqamlashtirishga topshiriq bergandi. Bu yerlarda ekinlar joylashuvi, vegetatsiya jarayoni, hosildorligi, mineral o‘g‘it sarfi “Agroplatforma"da yuritiladi.