Bozor islohotlarini yanada tezlashtirish va O‘zbekiston milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilindi.
“Farmon qora va rangli metallarni qayta ishlash, kimyo sanoati, telekommunikatsiya va energetika kabi qator sohalarda yangi davrni boshlab beradi. Biz JSTning eng asosiy shartlaridan biri — barcha uchun teng va erkin raqobat sharoitini yaratish prinsipiga amal qilgan holda, mamlakatimizning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish borasida qarori qat’iy ekanini yana bir bor namoyish qilmoqdamiz”, — dedi prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva.
Qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilinmoqda:
2025-yildan:
- “O‘zmetkombinat"ning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;
- “O‘zikkilamchiranglimetall"ning mamlakat hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;
- “O‘ztreyd"ning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlar, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;
- “O‘zkimyoimpeks"ning “O‘zkimyosanoat” tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi.
2026-yilning 1-iyulidan boshlab:
- “UzGasTrade"ning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;
- “O‘zenergosotish"ning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.
2025-yildan boshlab qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi.
Mobil va simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekiston hududida faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga to‘liq rioya qilgan holda sinov tarzida xalqaro internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan 2024-yilning 1-sentabrigacha qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, gaz va elektrning ulgurji va chakana savdosi tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini hukumatga kiritadi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi joriy yilning 1-oktabrigacha axborot va milliy xavfsizlikning to‘liq ta’minlanishini nazarda tutgan holda telekommunikatsiya operatorlarining sinov tarzida xalqaro internetga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanishi va bosqichma-bosqich boshqa operatorlarga xalqaro internet kanallarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibini tasdiqlash uchun hukumatga kiritadi.
O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirdi.