“Standard & Poor’s” agentligi O‘zbekistonning xorijiy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini barqaror prognoz bilan “BB-” darajasida tasdiqladi.
“S&P"ning fikricha, O‘zbekiston energetika xavfsizligi, subsidiyalar uchun yuqori budjet xarajatlari, gaz importining o‘sishi va qator tarmoqlarga sarmoya jalb etish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun islohotlarning ikkinchi bosqichini boshladi. Islohotlarni amalga oshirish va yanada qulayroq bozor siyosatini yuritish 2027-yilgacha YaIMning yillik 5% o‘sishini ta’minlashi mumkin.
Kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi ijobiy omillar qatorida tashqi va davlat qarzining maqbul darajasi, risklar qatorida fuqarolar farovonligining pastligi (aholi jon boshiga YaIM) va pul-kredit siyosatining yetarli darajada moslashuvchan emasligi turibdi.
2024-yildan 2027-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘rtacha 5,2%ga o‘sadi, bu o‘tgan yil oxiridagi 6%lik o‘sishdan biroz pastdir. O‘sishga investitsiyalarni jalb qilish, tariflarni liberallashtirish, xususiylashtirish va soliq-budjet siyosatini takomillashtirish hisobiga erishiladi.
S&P tahlilchilarining fikricha, QQSni qaytarish va iste’mol tovarlari uchun tartibga solinadigan narxlarning saqlanishi energiya narxining oshishi va yuqori foiz stavkalarining salbiy ta’sirini bartaraf etadi.
Birinchi chorakda pul o‘tkazmalari oqimi 9%ga, Rossiya bilan savdo aylanmasi esa 16%ga oshgan, bu O‘zbekiston eksportining oshgani va “Gazprom” bilan gaz importi bo‘yicha ikki yillik shartnoma imzolangani bilan izohlanadi.
“Hukumat sanksiyalar talablariga rioya qilishga urinayotgan bo‘lsa-da, Rossiya bilan biznes yurituvchi o‘zbekistonlik kompaniyalarga nisbatan AQSh va Yevropa Ittifoqining ikkilamchi sanksiyalari riski saqlanib qolmoqda. Masalan, AQSh va Yevropa Ittifoqi elektron va telekommunikatsiya uskunalari va mudofaa mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir qancha O‘zbekiston kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bunga javoban hukumat kengaytirilgan skrining tartib-qoidalarini, avtomatlashtirilgan skrining chora-tadbirlarini va stress testini joriy qilmoqda”, deb yozadi reyting agentligi tahlilchilari.
Qulay demografik holatga qaramay, mamlakat ichki ish o‘rinlariga bo‘lgan talabni qondirishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bundan tashqari, Rossiya iqtisodiyotidagi zaifliklar mehnat bozoridagi vaziyatni yomonlashtirishi mumkin.
O‘tgan yili O‘zbekistonda o‘tkazilgan muddatidan oldingi prezidentlik saylovlari va Konstitutsiya bo‘yicha referendumda “raqobat yo‘qligi” qayd etildi. “S&P” mamlakat siyosatini yuqori markazlashgani hamda nazorat va muvozanatlarning yo‘qligi sababli prognoz qilish qiyin ekanligini qayd etib, “kelajakdagi vorislikka nisbatan sezilarli noaniqlik saqlanib qolayotganini” ta’kidladi.
Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston bo‘yicha bayonatini e’lon qilib, unda xatarlarni baholash ishlarini davom ettirish zarurligini qayd etgandi.