Raqamli texnologiyalar sohasidagi istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va sohadagi yirik tashkilotlar faoliyatini eksportga yo‘naltirishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun tanlov asosida grantlar ajratishni “IT Park” orqali amalga oshirish belgilandi. Bunda startaplarga Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 1 mlrd so‘mgacha beriladi.
Tizim 2024-yilning 1-iyulidan har yili o‘tkaziladigan tanlov asosida joriy etilib, startap loyihalarga quyidagi pozitsiyalar bo‘yicha grantlar ajratiladi:
- istiqbolli g‘oyaga — 150 mln so‘m;
- mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyihaga — 300 mln so‘m;
- jahon bozoriga ixtisoslashgan loyihaga — 1 mlrd so‘m.
Ishtirokchilar tanlovda OneID orqali “ІT Park"ning maxsus platformasida ro‘yxatdan o‘tib, jamoa tarzida ishtirok etish uchun ariza jo‘natish mumkin bo‘ladi.
Nomzodlar 18 yoshdan yuqori bo‘lishlari kerak. Tanlovda faqat 1ta pozitsiya bo‘yicha ariza yuborishga ruxsat etiladi.
Ishtirokchilar tomonidan tanlov doirasida ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab berilmaydi.
Birinchi bosqichda har yili 1-iyulgacha tanlov e’lon qilinib, arizalar qabuli boshlanadi. Ikkinchi bosqichda har yili 1-avgustgacha ariza va unga ilova qilingan materiallar topshiriladi.
Uchinchi bosqichda ishchi organ 25-avgustgacha arizalarni to‘liqligi va talablarga mosligini tekshiradi. 5-sentabrgacha ularning keyingi bosqichga o‘tganligi yoki o‘tmaganligi haqida elektron pochta manziliga xabar, shaxsiy kabinetiga esa xabarnoma yuboriladi.
To‘rtinchi bosqichda 25-noyabrgacha loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi. U bir yoki bir necha kun bo‘lishi mumkin. Oxirgi bosqichda aniqlangan grant sovrindorlari taqdirlash marosimida e’lon qilinadi va ikki kun ichida platformada ham joylashtiriladi.
Grant sovrindorlarini taqdirlash marosimi har yili 25-dekabrgacha tanlov komissiyasi tomonidan tantanali ravishda tashkil etiladi.
Avvalroq “IT Park” rezidentlari uchun minimal eksport talablari belgilangandi. 1-oktabrdan eksport yirik rezidentlar umumiy daromadining kamida 10%ini tashkil etishi zarur. Bu miqdor bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
May oyida IT-ta'lim va dasturiy mahsulot yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yuqoridagi startaplar tanlovini “IT Park” orqali o‘tkazish taklif etilgandi.