3-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini oshirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi va sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazildi. “Spot” unda bildirilgan muhim topshiriq va takliflarni bir joyga jamladi.
Ekstremal turizmni rivojlantirish dasturi qabul qilinadi
Yig‘ilishda “Boysun bahori” xalqaro etno-festivali o‘tkazilayotgani natijasida Surxondaryoda sayyohlar oqimi 4 baravarga ko‘paygani qayd etildi.
Yoshlarning ekstremal turizmga qiziqishi yildan-yilga oshmoqda. Buning uchun Bo‘stonliq, Parkent va Aydarko‘lda imkoniyatlar yetarli.
Mo‘ynoqda ham parashyut bilan sakrash va havo dayvingi ekstremal turizmini rivojlantirish mumkin. Buning uchun alohida havo hududi bo‘lishi kerak.
Mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish dasturini qabul qilishga topshiriq berildi.
Akvapark va basseynlar tashkil etish bo‘yicha loyihalar ko‘paytiriladi
Oxirgi yillarda poytaxtda “Tashkent City”, “Tashkent City Mall”, “Magic City” kabi turizm maskanlari barpo etildi. Bu majmualarga yiliga 4 mlndan ziyod odam tashrif buyuradi, ularning 35%idan ko‘pi xorijiy turistlar.
Lekin poytaxt hokimligi o‘z tashabbusi bilan yangi takliflar bilan chiqmayotgani tanqid qilindi. Shu bois Toshkent shahri hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Davrukov lavozimidan ozod etildi. Bosh vazirga turizm bo‘yicha har bir hokim o‘rinbosari ishiga baho berish topshirildi.
Yoz kunlarida akvapark va basseynlarga talab oshgani bilan turistlar uchun “magnit” bo‘ladigan birorta zamonaviy akvapark yo‘qligi qayd etildi. Tabiiy ko‘llar atrofidagi turizm imkoniyatlari ham ishga solinmayapti.
Mutasaddilarga akvapark va basseynlar tashkil etish bo‘yicha loyihalarni ko‘paytirish, ko‘llar bo‘yicha master-reja ishlab chiqib, atrofini lotlarga bo‘lish va tadbirkorlarga taklif etish topshirildi.
“Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlanadi
Mamlakatdagi 86ta sanatoriy va tibbiy muassasalarda o‘tgan yili 60 mingdan ortiq xorijiy turist davolandi. Bu ko‘rsatkichni yanada oshirish mumkin.
Oxirgi besh yilda xususiy klinikalar karrasiga ko‘paygani bilan atigi 2tasi xalqaro sertifikat olgan. Oqibatda chet eldan davolanishga kelganlar ulushi pastligicha qolmoqda.
Tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmini uyg‘unlikda rivojlantirish bo‘yicha yaxlit yondashuv yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Xorijiy tajriba asosida “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi boshlanishi e’lon qilindi.
Endilikda xususiy klinikalarning xalqaro standart olish, xorijiy ko‘rgazmada qatnashish xarajatlari budjetdan qoplanadi. Klinikalarga kelgan chet elliklar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi.
Chiptalarni kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy etiladi
Yig‘ilishda mamlakatda o‘tkaziladigan festivallar kalendar-rejasini takomillashtirish, chet ellik mashhur ijrochilar konsertini o‘tkazishga talablarni qayta ko‘rib chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, mutasaddilarga qo‘shni davlatlardagi hamkasblari bilan chegaradan o‘tishni yana yengil qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazish topshirildi.
Sayyohlar mahalliy reyslarga samolyot va poyezd uchun ikki oy emas, balki yarim yil oldin chipta olishda qiyinchiliklarga duch kelishayotgani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga barcha qatnovlar haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirish topshirildi.
Bunda chiptalarni tabaqalashgan narxda kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi.
“Milliy turizm brendi” to‘g‘risida kontent yaratish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi
Prezident turizm salohiyatini to‘liq ochib beruvchi global targ‘ibot kampaniyasini yo‘lga qo‘yish vaqti kelganini aytdi. Bunda televideniye va onlayn platformalar bilan birga ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga 1-oktabrgacha “milliy turizm brendi” to‘g‘risida kontent yaratish uchun tanlov o‘tkazib, xalqaro platformalarda targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Bu maqsadlarga joriy yilda $5 mln mablag‘ ajratiladi. Auditoriyasi 10 mlndan ortiq bo‘lgan kamida 50 nafar chet ellik blogerlar uchun info-turlar tashkil qilinishi belgilandi.
Joriy yilda Toshkent shahrida, keyingi yilda Xivada Xalqaro gastronomik festivallar o‘tkazish, 300 turdan ziyod taomlarga ega milliy oshxonani dunyoga targ‘ib qilish muhimligi qayd etildi.
Mutasaddi vazirlik va idoralarga elektron viza tizimini yanada takomillashtirib, mobil ilovani ham ishga tushirish topshirildi.
Tarmoq va hududlar rahbarlari joriy yilda 11 mln xorijiy sayyohni olib kelish va turizm eksportini $2,5 mlrdga yetkazish uchun mas’ul va javobgar bo‘lishi belgilandi.
Xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan turoperatorlarga QQSni qaytarish muddati uzaytiriladi
Davlat rahbari soha vakillari va tadbirkorlari bilan muloqot qilib, ularning muammolari va takliflarini eshitdi. Jumladan, muloqotda quyidagi tashabbuslar bildirildi:
- turizm xizmatlari ko‘rsatuvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish;
- turoperatorlarni madaniy meros obyektlari va temir yo‘l chiptalari narxlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida oldindan xabardor qilish;
- mehmonxona boshqaruvchilarini tayyorlash va mehmonxona qurishga subsidiyalar doirasini kengaytirish;
- pensiya yoshidagi turistlarga alohida viza tartibini joriy etish;
- tarixiy shaxslarning uy-muzeylarini restavratsiya qilish.
Bildirilgan fikr va takliflardan kelib chiqib, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga quyidagilar yuzasidan taklif kiritish topshirildi:
- xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan turoperatorlarga QQSni subsidiya sifatida qaytarish muddatini uzaytirish va uni qo‘llash tartibini aniq belgilash;
- turizm kompaniyalariga aylanma mablag‘ uchun eksportoldi moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish;
- turistlarga mo‘ljallangan, yangi ishlab chiqarilgan “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga to‘g‘ri keladigan avtobus va mikroavtobuslarni bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etish muddatini uzaytirish;
- so‘nggi 3 yilda tashkil topgan turkompaniyalarga xalqaro ko‘rgazmalardagi pavilon ijarasi xarajatining 50%ini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish;
- xalqaro festivallarda qatnashadigan hunarmandlarga pavilon, yuklar va aviachipta xarajatining 50%ini qoplab berish tizimini yo‘lga qo‘yish.
Kichik otellar barpo etishga subsidiya ajratiladi
Tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan quyidagi tashabbuslarni o‘rganib, tegishli choralarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi:
- maktab va kollej o‘quvchilari avtobusda bir viloyatdan boshqasiga sayohat qilishida yo‘l-patrul xizmati hamrohligi uchun tariflarni keskin kamaytirish;
- har yili kamida 20ta o‘rta bo‘g‘in menejerlarini xorijda qisqa muddatli malaka oshirishga yuborish, yangi o‘quv yilidan turizm sohasidagi oliygoh va texnikumlarda “dual ta’lim"ni joriy qilish;
- 3−4 qavatli mehmonxonalarga ham subsidiya berish, mehmonxonasi bo‘lmagan 22ta tumanda kichik otellar barpo etishga oilaviy xonalar sonidan kelib chiqib subsidiya ajratish;
- xalqaro tajriba asosida milliy mehmonxona brendlarini yaratish.
Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan xorijiy davlatlardan keladigan pensiya yoshidagi sayyohlarning O‘zbekistonda olti oygacha vizasiz bo‘lishi tartibini ishlab chiqish, kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan uch kunlik biznes tadbirni tashkil qilganlarga tadbirdan olingan daromad solig‘ini 50%ga kamaytirish, QQSning yarmini qaytarish tizimini joriy qilish topshirildi.
Shuningdek, Toshkentdagi Chorsu bozori va Xivada milliy koloritga ega sharq bozorini tashkil etish, bolalar oromgohlarini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish kabi fikrlarni chuqur o‘rganib, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshirildi.
Prezident sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qildi. Bu tashabbus uchrashuvda ishtirok etgan turizm sohasi vakillari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.