Prezidentning “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashkil etiladi.
Iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va realizatsiya qilish hamda ushbu jarayonlar ustidan nazoratini ta’minlash bo‘yicha yagona davlat siyosatini yuritishda ishtirok etish Inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
2024-yil 1-oktabrdan iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etiladi:
- yillik litsenziya to‘lovlarini, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilish;
- alkogol mahsulotlari ishlab chiqarishda va ularning savdosida sifat talablariga, shuningdek, aksiz markalarini qo‘llash hamda identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash tartiblariga rioya etish;
- alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini monitoring va nazorat qilish imkonini beruvchi videokuzatuv vositalarini o‘rnatish.
Shuningdek, 1-oktabrdan yashirin ishlab chiqarish, aktsiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish holatlari aniqlanganda ishlab chiqarish uskunalari davlat foydasiga o‘tkaziladi.
2025-yil 1-yanvargacha iste’mol etil spirti va alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi har bir korxonaga Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari biriktiriladi.
Ishlab chiqaruvchi “Litsenziya” axborot tizimi orqali litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish haqida xabardor qilingan kundan 10 ish kuni ichida soliqlar va yig‘imlarning to‘liq to‘langanligi hamda iste’mol etil spirti va alkogol mahsulotlarining qoldiqlari xatlovdan o‘tkaziladi.
Inspeksiyaga iste’mol va texnik etil spirtini masofaviy onlayn kuzatish (GPS) tizimi o‘rnatilmagan, elektron hisobvaraq-fakturasiz, tovar-transport yuk xatisiz hamda belgilangan talablarga javob bermaydigan transport vositalariga yuklash va tashish holatlari litsenziya talablarini buzish deb baholanib, litsenziyaning amal qilishini 10 kun muddatga to‘xtatib turish vakolati beriladi.
Bunda litsenziya talablari bir yil ichida takroran buzilgan taqdirda, BHMning 500 baravari miqdorida moliyaviy jarima qo‘llaniladi.
Avvalroq “Spot” 1-avgustdan alkogol va tamaki mahsulotlari uchun yangi namunadagi aksiz markalari chiqarilishi haqida yozgandi.
Eski namunadagi aksiz markalaridan foydalanish va ular bilan markalangan mahsulot qoldiqlarini 5 oy mobaynida sotishga ruxsat beriladi.