2024−2025-o‘quv yili uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar bermoqda.

Abituriyentlar my.uzbmb.uz saytining “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Ro‘yxatga olish 5-iyundan 25-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Oliy va professional ta’lim muassasalariga ro‘yxatdan qanday o‘tish mumkinligi haqida qo‘llanma:


Joriy o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi.

Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi.
  • ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydilar.

Kollej va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.


Avvalroq “Spot” Oliy ta’limdagi o‘zgarishlar, tabaqalashtirilayotgan davlat granti, ustuvor sohalar va qabul parametrlari haqida yozgandi.