Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov O‘zbekistonda dori vositalari narxi qanday pasaytirilishi haqida “Spot"ga so‘zlab berdi. Bu haqda u 30-may kuni uchinchi xalqaro farmatsevtika forumi doirasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 1-apreldan farmatsevtika mahsulotlari aylanmasi va importiga qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi prezidentning dori vositalari narxlarini pasaytirish to‘g‘risidagi topshirig‘i ijrosiga to‘sqinlik qilmaydi, chunki narxlarning arzonlashishi QQS mavjud bo‘lmagan tannarxga tegishli.
“Bizda faqat ikkita usul bor. Birinchisi — bu raqamlashtirish. Biz butun ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonini optimallashtirishimiz zarur. Ikkinchisi — substansiyalar. Yangi kompaniya ochmoqchimiz, [bu bo‘yicha] prezident topshirig‘i bor. Kompaniya substansiyalarni [ulgurji] xarid qilish bilan shug‘ullanadi”, — dedi u.
Abdulla Azizovning ta’kidlashicha, yangi kompaniya tashkil etilishi monopoliyani keltirib chiqarmaydi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar undan farmatsevtika substansiyalarini ixtiyoriy ravishda sotib olishadi.
“Bu kompaniya faqat sifatli substansiyalarni sotib oladi, chunki ayrim [mahalliy] ishlab chiqaruvchilar sifatli substansiyalarni ololmaydilar. Yangi kompaniya [yirik xorijiy ishlab chiqaruvchilarga] boradi va endi alohida kompaniya darajasida emas, balki mamlakat darajasida gapiradi. Qachonki hajm ko‘proq bo‘lsa, albatta, narxlar ham pasayadi”, — deya izohladi Azizov.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi dori vositalarini tarqatish, saqlash, xodimlarni boshqarish jarayonlarini optimallashtirish, shuningdek, ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish niyatida.
Bundan tashqari, “Tashkent Pharma Park"da biotexnologik klasterning tashkil etilishi bugungi kunda butunlay yuqori narxlarda import qilinayotgan biotexnologik preparatlar narxini pasaytirishga yordam beradi, deya qo‘shimcha qildi u.
Yil boshida prezidentning tegishli qarori bilan “Toshkent Pharma Park"da biotexnologiya klasterini tashkil etish belgilandi. 2025-yil oxirigacha farmatsevtika loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.
“Toshkent Pharma Park” 2025-yilda sohani raqamlashtirish hisobiga $470 mlnlik 12ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.