O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasining (KQAES) birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallangan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Kichik AES qurilishi buyurtmachisi “O‘zatom” tuzilmasi tarkibiga kiruvchi “Atom elektr stansiyalari qurilishi direksiyasi” davlat korxonasi hisoblanadi. Loyiha Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan Tuzkon ko‘li yaqinidagi avval tasdiqlangan maydonda amalga oshiriladi.
“O‘rnatilgan quvvati 330 MVt bo‘lgan 6ta RITM — 200N reaktor bloklari negizida kam quvvatli AES qurish loyihasining qiymati konfidensial ma’lumot bo‘lib, oshkor etilmaydi”, — deya ta’kidladi “O‘zatom”.
Agentlikning aniqlik kiritishicha, har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan oltita reaktorning barchasi “turli quvvatdagi atom elektr stansiyalari bloklari joylashgani kabi atom energetikasi sohasidagi me’yor va qoidalar talablarini inobatga olgan holda bitta maydonda” joylashtiriladi.
Kichik AESning birinchi reaktori quvvatini ishga tushirish joriy yilning yozida boshlanishi kerak bo‘lgan ustuvor ishlar tugaganidan keyin 60 oy o‘tgach amalga oshiriladi.
Har bir keyingi reaktor olti oydan keyin ishga tushiriladi. Kichik atom elektr stansiyasining to‘liq ishga tushirilishi 2032-yildan oldin amalga oshiriladi.
Kam quvvatli AESni qurishda loyiha hujjatlarida belgilangan xususiyatlarga muvofiq mahalliy umumiy sanoat uskunalari, mahsulotlar va butlovchi qismlardan foydalaniladi.
Kichik atom elektr stansiyasining uzoq xizmat qilish muddatini hisobga olib, mahalliy xomashyo va materiallardan foydalanish zarur, deya qo‘shimcha qildi “O‘zatom”.
Kichik atom elektr stansiyasini qurish
27-may kuni “O‘zatom” va “Rosatom” O‘zbekistonda kam quvvatli AESlarni qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM — 200N bosimli suv reaktoriga asoslangan bo‘lib, u quruqlikda joylashtirish uchun kema texnologiyasini moslashtirish natijasidir. RITM — 200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekistonda 2050-yilga borib energiya resurslariga bo‘lgan talabning ikki baravar oshishini qoplash uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishdan tashqari, yadroviy quvvatlarni yaratish zarurligini ta’kidladi.
Kichik AESning xavfsizligi ko‘p darajali tizimlar va qobiqli to‘siqlar orqali amalga oshiriladi. Faol va passiv xavfsizlik tizimlarining kombinatsiyasi avariya ehtimolining oldini olgan holda zavod xavfsizligining yuqori darajasiga erishishga imkon beradi. Stansiya loyihasiga o‘rnatilgan bir necha darajadagi to‘siqlar radioaktiv moddalarning atrof-muhitga tarqalishini oldini oladi.
“Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, — dedi Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida.
Kam quvvatli AESlarning afzalliklari orasida ixchamligi tufayli yirik atom elektr stansiyalariga nisbatan qurilish muddati qisqaroq hisoblanadi.