“O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatuvchi Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tarzida ularda joylashtirilgan shaxslarga ehtiyoji va xohishi asosida qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur markazlarda shartnoma asosida mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
Xizmat ular joylashgan hududdagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lganlar, shu jumladan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi bo‘lgan shaxslarga taqdim etiladi.
Yagona reyestrga kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi bo‘lganlariga xizmat ko‘rsatish shartnoma asosida ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari narxining 20%i to‘lanadi. Bu summa agentlik tomonidan bosqichma-bosqich 50%gacha oshirilishi mumkin.
SSP tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning qo‘l mehnati bilan tayyorlangan mahsulotlarini “Ijtimoiy mahsulot” elektron savdo platformasida, boshqa elektron savdo maydonchalarida va ko‘rgazmalarda joylashtiriladi.
Shuningdek, bu kabi mahsulotlar “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ijtimoiy mahsulot” tovar belgisi ostida jahon bozorlarida sotilishi uchun har tomonlama ko‘maklashib boriladi.
Joriy yilning 1-iyulidan O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi va “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan har chorakda ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qatnashish istagida bo‘lgan volontyorlar to‘g‘risidagi ma’lumot agentlikka taqdim etib boriladi.
2023-yilning dekabrida o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lganlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.
Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani yaxshilashga $100 mln yo‘naltirgandi. Bank mablag‘lari bilan mamlakatda ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati va ularning sifati yaxshilanadi.