Avvalroq Tailand hukumati 36ta mamlakat, shu jumladan O‘zbekiston uchun ham vizasiz rejimni joriy qilishi haqida xabar berilgandi.
Undan keyin, 1-iyundan boshlab, mamlakatga sayohatga borgan fuqarolar kiritilmayotgani, viza talablari bekor qilinmagani haqida xabarlar tarqaldi. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxonov bu bo‘yicha munosabat bildirdi.
Xususan, joriy yilning 29-may kuni Tailand OAVlarida mamlakat iqtisodiyotini rag‘batlantirish maqsadida hukumat viza qoidalarini yumshatishni o‘z ichiga olgan iqtisodiy rag‘batlantirish rejasini e’lon qilgani to‘g‘risida axborot tarqatildi.
Unga ko‘ra, Tailandga 60 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar soni amaldagi 57tadan 93taga ko‘payadi, 36ta yangi davlatlar qatoriga O‘zbekiston ham kiritilgan. Bu masala bo‘yicha O‘zbekistonning Bangkokdagi bosh konsulxonasi Tailand TIV bilan bog‘landi.
Konsullik departamenti viza rejimining uzaytirilishi to‘g‘risida hozircha rasman hech qanday ma’lumot e’lon qilinmaganini qayd etgan. Tailand TIV mintaqaviy boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha hukumat qarori mavjud.
Bu bo‘yicha Konsullik departamenti tomonidan Tailandning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga tegishli yo‘riqnoma yuboriladi va TIV saytida rasmiy ma’lumot chop etiladi.
Shuningdek, bir tomonlama joriy etilayotgan viza rejimini soddalashtirish tartibi ma’lum muddatdan so‘ng bekor qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Tailand tomonidan rasmiy nota olinishi bilan qo‘shimcha xabar berilishini ma’lum qildi.