Avvalroq prezident tomonidan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonun imzolangandi. 5-iyun kuni mazkur qonun ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi davlat rahbari qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, qonun bilan o‘rnatilgan talablar va mexanizmlarni davlat organlari va tashkilotlarida samarali joriy etish, xodimlarning huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash va ular uchun zarur tushuntirish ishlarini olib borish davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.
Qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Komissiya 1-iyulgacha qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq ro‘yxatini shakllantiradi.
Qonun kuchga kirganidan keyin quyidagilar ta’minlanadi:
- har chorakda idoralararo komissiyaning ishchi organlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari kesimida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar tahlil qilinishi, bunday holatlar ko‘payganlariga kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni belgilash uchun tegishli taqdimnomalar kiritilishi;
- har yarim yilda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar Respublika idoralararo komissiyasi yig‘ilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib borilishi.
2024-yil yakunigacha “E-anticor.uz” elektron platformasida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlashda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash maqsadida yangi amaliyotlar joriy etiladi.
Xususan, bu kabi holatlar bo‘yicha tegishli dalillarni ilova qilgan holda ularni aniqlashda faol yordam berganlarga undirilgan jarimaning 50%i miqdorida pul mukofoti beriladi.
Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari har chorakda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar, ularni bartaraf etish, oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida jamoatchilikni xabardor qilib boradi.
2024-yilning 1-oktabrigacha manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestri, mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllari tasdiqlanadi.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonun davlat organlariga, muassasalar, davlat unitar korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50% miqdorda va undan ortiq bo‘lgan kompaniyalariga nisbatan tatbiq etiladi.