Xitoyning “Loong Air” aviakompaniyasi Samarqandga parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Sian-Samarqand-Siandan yo‘nalishidagi yangi havo qatnovi iyun oyining ikkinchi yarmida ochilishi rejalashtirilmoqda.
Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi havo qatnovlarini ko‘paytirish niyati tomonlar o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida yuk tashishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Hozirda aviakompaniya haftasiga uch martadan Chengdu — Toshkent va Sian — Toshkent yo‘nalishlarida muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.
“Loong Air” aviakompaniyasining Sian-Toshkent-Sian yo‘nalishi bo‘yicha ilk charter reysi 2019-yilning 27-sentabrida amalga oshirilgan.
“Loong Air” — bosh qarorgohi Xanchjouda joylashgan Xitoy aviakompaniyasi bo‘lib, yo‘lovchi va yuk havo tashuvlarini amalga oshiriladi.
Avvalroq Xitoyning “YTO Cargo Airlines” yuk aviakompaniyasi Toshkentga reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi.