Yangilandi: “Uzpaynet” kompaniyasining “Spot"ga ma’lum qilishicha “Paynet” orqali naqd pul yechish xizmatining sinov jarayonlari 1-iyuldan boshlanadi.
2023-yilning 1-iyunidan “Paynet” orqali naqd pul yechish xizmati sinov tarzida ishga tushirilgandi. Shu bilan birga, sinov muddati dekabrgacha davom etishi belgilangandi.
“Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi “Uzpaynet” kompaniyasining to‘lov agentlik tarmog‘i orqali mazkur xizmat qayta ishga tushirildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Sinovdan o‘tkazish ishlari joriy yilning 1-iyunidan boshlanib, jarayon 1-dekabrgacha davom etishi belgilangan.
“Paynet” to‘lov xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, barcha agentlar orqali “Uzcard” va “Humo” kartalaridan naqd pul yechib olish mumkin.
O‘tgan yili “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ida ham kassalar orqali kartadan naqd pul yechish xizmati ishga tushirilgandi. Sinov jarayonlari 1-noyabrgacha tugashi belgilangandi.
“Paynet” xizmati 2005-yilda Botir Arifjanov tomonidan tashkil etilgan. 2022-yilning avgust oyida Davaktiv agentligi “Uzpaynet"ning 100% ulushini sotuvga qo‘yish jarayoni boshlanganini e’lon qildi.
Keyingi bir oy ichida potensial xaridorlardan 7ta ariza kelib tushdi, biroq qo‘shimcha aniqlik kiritish holatlari sabab takliflarni qabul qilish kechiktirildi.
Joriy yilning aprel oyida “Paynet” to‘lov xizmatini boshqaruvchi “Uzpaynet” kompaniyasi ta’sischisini o‘zgartirgani ma’lum bo‘ldi. Kompaniyaning 100% ulushiga “New Industrial Technologies” kompaniyasiga egalik qiladi.
“New Industrial Technologies” MChJ 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, ustav kapitali 273,56 mlrd so‘mni tashkil etadi. Kompaniya ta’sischilari Aleks Li (60%) va Mustafa Abdraxmanov (40%) hisoblanadi.
Avvalroq Markaziy bank birinchi marta xorijiy davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Jahon banki ko‘magida oltin-valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish uchun investitsiya portfeli shakllantirildi.