6-iyun kuni Pekin shahrida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Bitimning imzolanish marosimi munosabati bilan Xitoy raisi Si Szinpin va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham o‘z murojaatlarini yo‘lladi.
Davlat rahbari bu muhim infratuzilma loyihasini amalga oshirish boshlanayotgani mintaqada iqtisodiy va transport jihatidan bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan tarixiy voqea ekanligini ta’kidladi.
“Mazkur temir yo‘l Xitoyni mintaqamiz bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanadi. Kelgusida ushbu yo‘l bizning mamlakatlarimizga istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini beradi”, — dedi prezident.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida vujudga keladigan iqtisodiy samara yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratilishi, o‘zaro savdo hajmi oshishi, sanoat kooperatsiyasi kengayishi, investitsiyaviy jozibadorlik o‘sishi va aholi turmush darajasi oshida xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bitimga muvofiq, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li Qashg‘ar-Torugart-Makmal-Jalolobod-Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 mln tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi.
Bundan tashqari, tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga tayyorgarlik 2022-yilda boshlangan. Uch tomonlama kelishuv bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi. Mayda keyingi bosqichlarni belgilovchi uch tomonlama hujjat imzolandi.
Qirg‘iziston transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayevning ma’lum qilishicha, liniya davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi mumkin. Biroq O‘zbekiston Transport vazirligi rahbari o‘rinbosari Jasurbek Choriyev bu variant ko‘rib chiqilmasligini bildirdi.
Choriyevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha $5 mlrdga baholangan. Vazir o‘rinbosari konsorsium tuzish yoki boshqa davlatlardan investorlarni jalb etish mumkin bo‘lgan variantni qayd etdi.
Mazkur temir yo‘l qurilishi 2024-yilda boshlanishi kutilmoqda. Temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyihaning asosiy kelishuvlari hal qilingan, uning qiymati taxminan $5,1 mlrdni tashkil qiladi. Uzunligi hozirgacha 454 km bo‘lishi mumkin.