Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida O‘zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi 1,5 barobarga, qo‘shma korxonalar soni 2 barobarga, O‘zbekiston iqtisodiyotiga turk investitsiyalari hajmi 2,5 barobarga oshdi.
Ikki davlatning yirik shaharlari o‘rtasida haftasiga 90ta parvoz amalga oshirilmoqda, Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga ko‘paydi. Yaqin kelajakda ikki tomonlama savdo hajmini $5 mlrdga yetkazish maqsad qilingan.
O‘zbekistonda turk kompaniyalari tomonidan 100dan ortiq loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida $10 mlrdlik yangi investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va birgalikda uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida bojxona tariflarini pasaytirish, Istanbulda O‘zbekiston savdo vakolatxonasini ochish zarurligi qayd etildi.
Qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish va tibbiyot klasterlarini tashkil etish sohalarida Turkiya tajribasi va DXSh mexanizmlarini joriy etishga talab borligiga e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakatning transport-logistika salohiyatini oshirish, shu jumladan, O‘rta koridor imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamkorlikning muhim yo‘nalishi ekanligi ta’kidlandi.
Oliy, professional va texnik ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, teatr festivallari, madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, birgalikda tarixiy filmlar suratga olish va madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish sohalarida hamkorlikni kengaytirish ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an Keng qamrovli strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzolashdi.
Ikki mamlakat rahbarlari huzurida ko‘p qirrali sheriklikning ko‘plab sohalarini qamrab olgan 19ta hujjat imzolandi. Jumladan:
- Ilmiy almashinuv va yuqori texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- Hududiy rivojlanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida bitim;
- Standartlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
- O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishida texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Kosmik fanlar, texnologiyalar va tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Energetik rivojlanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Axborot sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Kadastr masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Oila instituti va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Boshqaruv kadrlarini tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
- Huquqiy sohada malaka oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma.
Shuningdek, imtiyozli savdo, energetika bozorini tartibga solishga oid ikki tomonlama hujjatlar hamda Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.