Samarqand va Toshkent viloyatlarida MCHJlarni qasddan bankrotlikka olib kelish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbout xizmati xabar bermoqda.
Departamentning Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Sh.B.” MChJ rahbari F.A. MChJni qasddan bankrotlik holatiga olib kelgani ma’lum bo‘ldi.
U Samarqand shahri, Firdavsiy ko‘chasida qurilgan ko‘p qavatli uylarning 70ta xonadonini yaqin qarindoshlari va tanishlarining nomiga rasmiylashtirib, jami 10,5 mlrd so‘mni korxona hisob raqamiga kirim qilmagan.
Toshkent viloyatining Ohangaron shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa “O-T.” MChJ rahbari I.K. “A.” xususiy korxonasidan xarid qilingan 346,9 mln so‘mlik dori vositalari sotuvidan tushgan mablag‘larni MChJ hisob raqamiga kirim qilmasdan qasddan bankrot qilgani aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 181−1-moddasi (qasddan to‘lovga qobiliyatsizlikka olib kelish) va 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq to‘rtda hududda soliq xodimlari pora bilan ushlangani haqida xabar berilgandi. Qashqadaryo, Buxoro va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida soliq inspektorlari tadbirkorlar ishonchiga kirib, ulardan pul talab qilishgan.