Toshkent shahridagi turar-joy binolarida tasvirlangan barcha mozaikalar reklama qurilmalaridan ozod etilsi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lum qiladi.

Jarayonlar jamg‘arma tomonidan Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti hamda Madaniy meros agentligi bilan birga amalga oshirildi.

“Poytaxtimizda koshinkor qadamalarni saqlab qolish va ularni to‘sib turgan reklama qurilmalaridan xolos etish dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirildi”, deyiladi jamg‘arma xabarida.

Jami 70dan ortiq mozaika, shundan 40dan ortig‘i joriy yilning aprel oyidan iyun oyining boshigacha tashqi to‘siqlardan tozalangan. Xususan, eng so‘nggi reklama banneri Beruniy ko‘chasi, 2-uy binosidan yechildi.

Jamg‘arma jamoatchilikdan mozaikalar haqidagi ma’lumotlarni mosaic@acdf.uz elektron pochta manziliga jo‘natish mumkinligini eslatib o‘tdi.

Bundan tashqari, potaxtda LED ekranli reklamalarning yorug‘lik darajasi tekshirilmoqda. Mazkur ekranlar yorug‘ligi me’yoriga keltirilmasa, majburiy tartibda elektr tarmog‘idan uzib qo‘yiladi.

2023-yilning sentabrida Toshkentda 3 mingga yaqin reklama konstruksiyasi noqonuniy joylashtirilgani ma’lum bo‘lgandi.