Buyuk Britaniyaning “Ülker”, “Demet's Candy Company”, “United Biscuits” va “Godiva Chocolatier” brendlari ostida qandolat mahsulotlari ishlab chiqaradigan “Pladis” (turkiyaning “Yıldız Xolding"i sho‘ba korxonasi) kompaniyasi O‘zbekistonda hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.
6-iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Anqaraga tashrifi chog‘ida 19 ta hujjat, xususan, qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi protokol va qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Qayd etilishicha, Turkiya Namangan viloyatida 4 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar tashkil etish va 110 gektar maydonda geotermal issiqxona barpo etish niyatida.
Bundan tashqari, akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tekshirish instituti negizida zamonaviy ko‘chatzor va in vitro laboratoriya markazi, shuningdek, Toshkent shahrida urug‘chilik majmuasini tashkil etish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Shuningdek, Andijonda urug‘lik paxta xomashyosini qayta ishlash va don hamda dukkakli ekinlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan urug‘chilik majmuasini barpo etish bo‘yicha kelishib olindi.
Turkiya ishtirokida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyasi quriladi va turk seleksiyasiga mansub kungaboqar, makkajo‘xori va yeryong‘oq navlarining onalik materialining F1 gibrid avlodi ishlab chiqiladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Turkiya $10 mlrdlik yangi sarmoyaviy loyihalar portfelini shakllantirgani haqida yozgandi.