iOS 18'da foydalanuvchilarga individual ilovalarni bloklash imkonini beruvchi yangi xavfsizlik funksiyasini taqdim qilinadi. Bu haqda “MacRumors” nashru xabar berdi.

Yangi funksiya foydalanuvchilarga “Pochta”, “Xabarlar”, “Eslatmalar”, “Rasmlar”, “Safari”, “Sozlamalar” va boshqalar kabi ichki iPhone ilovalarini qulflash imkoniyatini beradi, bu esa qo‘shimcha maxfiylik va xavfsizlik darajasini ta’minlaydi.

Ilovani blokdan chiqarish uchun “Face ID” autentifikatsiyasi talab qilinadi va bu funksiya “Touch ID” yoki standart iPhone paroli bilan ham ishlashi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, yangilik “App Store"dan yuklab olingan uchinchi tomon ilovalari bilan ishlaydimi yoki yo‘qmi hozircha ma’lum emas.

“Apple” hozirda “Face ID”, “Touch ID” yoki parol yordamida ma’lum kontentni bloklash imkonini beradi. Masalan, “Notes” ilovasida kontentni ko‘rishni bloklash va “Fotosuratlar” ilovasida “Yaqinda o‘chirilgan” va “Yashirin” albomlardagi rasmlarni bloklash mumkin.

IOS 18'dagi yangi xususiyat ushbu imkoniyatni yanada kengaytiradi, hatto iPhone o‘zi allaqachon qulfdan chiqarilgan bo‘lsa ham, alohida ilovalarni to‘liq blokirovka qilish imkonini beradi.


Avvalroq “Spot” iOS 18 internetsiz ishlaydigan bepul sun’iy intellektga ega bo‘lishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, sun’iy intellekt bilan ta’minlangan birinchi funksiyalar bulutli serverlarga ulanishni talab qilmaydi, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri iPhone qurilmasida ishlaydi.