7-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzgan fuqaroga jazo tayinlandi. Bu haqda ish materiallariga tayanib, “Gazeta.uz” yozmoqda.

Ish hujjatiga ko‘ra, 1-iyun kuni Toshkent shahri IIBB kotibiyati tomonidan ro‘yxatga olingan ariza yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Termiz davlat universitetining 24 yoshli talabasi I.N. o‘ziga tegishli telefon va plastik kartada kripto aktivlarning noqonuniy faoliyati bilan shug‘ullanganligi aniqlangan.

Ayblanuvchi sud majlisida o‘z aybiga iqror bo‘lib, “Telegram"da kripto-aktiv yig‘ib, Notcoinni 800 ming so‘mga sotganini qo‘shimcha qildi. Bu qilmishining noqonuniyligidan bexabarligini, oilada yagona boquvchi ekanligini aytib, suddan jazoni yengillashtirishni so‘radi.

Sud yigitni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 155−4-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topdi va unga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlandi.

Shuningdek, yigitga tegishli “Galaxy A30” telefoni va bank plastik kartasi tegishli tartibda yo‘q qilinishi belgilandi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yanvar oyida qo‘shilgan va joriy yilning aprel oyida kuchga kirgan 155−4-modda kripto-aktivlarni noqonuniy egallash, sotish yoki almashtirish bilan bog‘liq. Unda 15 sutkagacha qamoqqa olish yoki BHMning 20 dan 30 baravarigacha (6,8−10,2 mln so‘m) jarima solish nazarda tutilgan.


Avvalroq “Spot” Toshkent viloyatida mayning ferma 700 mln so‘mdan ortiq elektrni talon-toroj qilgani haqida yozgandi.

Fuqarolar mayning kripto-aktivlari qurilmasini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab, noqonuniy foydalanib kelgan.