AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi yangi viza suhbatini belgilash tizimini ishga tushirdi. Bu haqda elchixona matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi xizmat murojaatchilarning viza bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishlari, ma’muriy to‘lovni amalga oshirishlari, suhbat sanasini belgilash hamda yetkazib berish xizmatidan foydalanishlariga imkon beradi.
Endilikda arizachilar har qanday talab etiladigan viza to‘lovlarini suhbat sanasidan oldin to‘lashadi.
Buni “Tenge Bank"ning barcha filiallarida naqd pul hamda saytda AQSh dollarida plastik karta orqali amalga oshirish mumkin. To‘lovlar elchixonada qabul qilinmaydi.
Yangi suhbat tizimi 10-iyundan ais.usvisa-info.com saytida, 2-iyul va undan keyingi sanalarda esa barcha noimmigratsion viza suhbatlari sanasini belgilash uchun faoliyat yurita boshlaydi.
Suhbatsiz vizaga murojaat etish talablariga javob beruvchilar yetkazib berish xizmati orqali hujjatlarini konsullik bo‘limiga topshirishlari hamda ularni belgilangan tegishli bo‘linmadan qabul qilib olishlari mumkin.
AQSh Davlat Departamentining avvalgi suhbat tizimi asosida iyun oyi uchun suhbat sanasini belgilagan murojaatchilar shu sanada suhbatga kelishlari va viza uchun to‘lovni bino ichida suhbatdan oldin to‘lashlari kerak.
Qayd etilishicha, yangilanishlar viza uchun ma’muriy to‘lov miqdoriga ta’sir qilmaydi.
Avvalroq “Spot” mart oyida AQShga noqonuniy yo‘llar bilan ketgan 74 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytarilgani haqida yozgandi.