Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya va Saudiya Arabistoni bilan iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha kelgusi rejalarni ko‘rib chiqdi.
Davlat rahbari o‘tgan hafta Turkiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida ko‘plab kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha $10,1 mlrdga teng 158 ta yangi loyiha shakllantirilgan.
Ushbu loyihalar sanoat, energetika, tog‘-kon va geologiya, transport, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi sohalarini qamrab olgan.
Yig‘ilishda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida ko‘riladigan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berildi.
Xususan, Turkiya tajribasi asosida tog‘-adirlarni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish hamda qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimini joriy qilish, xalqaro standartlarga mos o‘zbek-turk Urug‘chilik test markazini ochish mo‘ljallangan.
Prezident Turkiyaning yirik kompaniyalari bilan istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirish, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Saudiya Arabistoni bilan ham investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda, qator yirik loyihalarni amalga oshirish boshlangan, sarmoyalar portfeli tobora kengayib bormoqda.
Podshohlik kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati $24,1 mlrdlik 34 ta investitsiya loyihasi ro‘yxati shakllantirilgan.
Mazkur loyihalar doirasida joriy yilda jami $2,5 mlrd mablag‘ni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Shu jumladan, yil yakuniga qadar transport, raqamlashtirish, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, energetika sohalarida qo‘shimcha 13 ta loyihalar doirasida $1,5 mlrd investitsiya o‘zlashtirilishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi ishini yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kengash doirasida shakllantirilgan ekologiya, tog‘-kon, moliyaviy hamkorlik sohalarida qiymati $6,5 mlrdrlik yangi istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralarni yakuniga yetkazish va amaliy ishlarni boshlash muhimligi qayd etildi.
Avvalroq “Spot” Turkiyaning “Ülker” kompaniyasi O‘zbekistonda qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Shuningdek, Turkiya Namanganda 4 ming gektar maydonda intensiv bog‘lar tashkil qilish va 110 gektar maydonda geotermal issiqxona barpo etish niyatida.