Oliy Majlis Qonunchilik palatasi shaharsozlik sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini asosiy o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartishlar kiritildi. Qaror seysmik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni takomillashtirish bilan asoslanadi.

Shunday qilib, turar-joy binosida o‘zboshimchalik bilan qurish, yerto‘la yoki birinchi qavat inshootlarini buzish, obyektlarni foydalanishga qabul qilish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jarima solinganidan keyin takroriy huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi.

Jinoyat kodeksining 229.3-moddasining yangi tahririda 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1−3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Og‘ir oqibatlarga olib kelgan taqdirda (shu jumladan, qurbonlar bo‘lganda) ozodlikdan mahrum qilish muddati 3−5 yilni tashkil qiladi.

Shuningdek, huquqbuzarlik va qonunbuzarlik to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishi uchun har bir huquqbuzarlik alohida qism sifatida qayd etilmoqda.

Inspeksiya yoki sudlarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyani oldini olish maqsadida ma’muriy jarimalar miqdorini yagona qilib belgilash, ya’ni amaldagi ma’lum bir summadan ma’lum summagacha degan normadan voz kechish nazarda tutilmoqda.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning har bir hududida renovatsiya loyihasi amalga oshirilishi haqida yozgandi.

Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.