Shavkat Mirziyoyev 10-iyun kuni energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda energetika sohasi obyektlari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda joriy yilda 580ta maktab, 169ta bog‘chaning energiya samaradorligini oshirish rejalashtirilganligi qayd etildi.
Mutasaddilarga 1000ta ijtimoiy obyektni kuz-qish mavsumiga tayyorlash topshirildi. Jumladan, 251ta shifoxona, 292ta bog‘cha, 393ta maktab va internat ta’mirlanadi.
Yig‘ilishda ilg‘or tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorlikni baholash bo‘yicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi. Bunda:
- yiliga kamida 4 mln kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik iste’molchilar har uch yilda energiya auditidan o‘tadi;
- Energoinspeksiya har yili yirik iste’molchilar ro‘yxatini e’lon qilib boradi;
- auditdan o‘tmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi.
Rahbarlarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bog‘liq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda elektromobillar soni oxirgi uch yilda 10 karra oshib, 35 mingtaga yetgani, Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan elektr tizimini rivojlantirishda yangi zaryadlash quvvatlarini hisobga olish zarurligi ko‘rsatib tildi.
Endilikda elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilinadi. Quvvatlash uskunasiga hisoblagich o‘rnatgan aholiga tungi vaqtda quvvatlaganlik uchun arzon tarif qo‘llanadi.
Shuningdek, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonda 7 kilovattgacha zaryadlash stansiyasi o‘rnatish mumkin bo‘ladi.
Davlat tashkilotlari, savdo markazi, mehmonxona va dam olish maskanlari avtoturargohida quvvatlash stansiyasi o‘rnatiladi.
Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga o‘tgan yilgi 14 trln so‘mga qo‘shimcha yana 14 trln so‘m ajratilishi belgilandi.
Mutasaddilarga eng og‘ir mahallalardan boshlab, yil yakunigacha 30 ming kilometr tarmoq, 10 mingta transformatorni yaxshilash vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda elektr energiyasini ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha generatsiya manbalari hisobidan joriy yilda 4 gigavattlik elektr stantsiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. 11ta quyosh va 3ta shamol stansiyasi shular jumlasidan.
Bundan tashqari, 850 kilometr magistral tarmoq va 9ta podstansiyani kapital ta’mirlash, 595 kilometr elektr tarmog‘i va 4ta yangi podstansiyani ishga tushirish rejalari belgilab olindi.
IESlar barqaror ishlashi, aholi va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun joriy yilda ko‘mir qazib chiqarishni yanada ko‘paytirish va bu borada 8 mln tonnalik ko‘rsatkichga intilish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, mazut va ko‘mir ikki yilga bojdan ozod qilinadi. Ko‘mir importi uchun uch yil muddatga revolver kreditlar beriladi.
Aholi va ijtimoiy soha uchun 1 mln 200 ming tonna, yil yakunigacha yana shuncha ko‘mir yetkazib berish, 1-oktabrgacha 600 ming tonna ko‘mir va 350 ming tonna mazut zaxirasini yaratiladi.
Oktabr-dekabr oylarida iste’molchilarga 163 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazish topshirildi. Shuningdek, viloyat hokimlariga 300 dan ziyod olis mahalla uchun ko‘mir, suyultirilgan gaz va asosiy turdagi oziq-ovqat zaxirasini yaratishga topshiriq berildi.
Kuz-qish mavsumida aholini issiqlik va ichimlik suvi bilan kafolatli ta’minlash uchun qozonxona, qozon va issiqlik tarmoqlarini yaxshilash, suv tarmoqlari va nasoslarni ta’mirlash vazifalari belgilab olindi.