Italiyaning “EU Wings” kompaniyasi O‘zbekistondagi oltita aeroportda havo kemalariga xizmat ko‘rsatadi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, “Uzbekistan Airports” boshqaruv kompaniyasi va “EU Wings Srl” o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Unga ko‘ra xorijiy kompaniya Toshkent, Buxoro, Navoiy, Urganch, Namangan va Farg‘ona xalqaro aeroportlarida havo kemalariga liniyaviy texnik xizmat ko‘rsatadi.

Xizmat ko‘rsatiladigan samolyot turlari orasida “Airbus” 319, 320, 321, 330, “Boeing” 737, 767, 777, 787, “Embraer RJ” 170/190, shuningdek, “ATR” 42/72 mavjud.

Shartnoma shartlariga ko‘ra, italyan kompaniyasi aviakompaniyalar talablariga muvofiq texnik xizmat ko‘rsatadi.

Bu mahalliy aeroportlarga yangi xorijiy aviatashuvchilarni jalb etishi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishi kutilmoqda.

26-mart kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “MRO Central Asia” ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha konferensiya va ko‘rgazma doirasida “Uzbekistan Airports” va “EU Wings Srl” o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolagandi.


Avvalroq “Spot” Fransiya aviakompaniyasi O‘zbekiston orqali Xitoyga uchishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

CMA CGM Air Cargo Navoiy aeroportida texnik qo‘nish bilan haftasiga besh marotaba parvozlarni amalga oshiradi.