Raqobat qo‘mitasi tomonidan mineral o‘g‘itlar bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan “Navoiyazot” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar birja savdolari orqali realizatsiya qilinishida narx manipulyatsiyalari holatlari aniqlandi.

Qayd etilishicha, 2021−2023-yillarda “Navoiyazot” mineral o‘g‘it, polivinilxlorid va formalin mahsulotlarini tegishli jadval bo‘yicha birjaga chiqarmagan.

Taklifning sun’iy ravishda kamaytirilishi ortidan narxlar 10%dan 50%gacha qimmatlashgan.

Buning natijasida jamiyat tomonidan jami 20,5 mlrd so‘m asossiz daromad olingan.

Mazkur qonun talablari buzulishi holatlari yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Navoiyazot"ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzilishini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.


Avvalaroq “Spot” Raqobat qo‘mitasi “UNG Petro"ni xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvni o‘rganayotgani haqida yozgandi.

Qo‘mita yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini sotishning qonuniyligini tahlil qilib, qonunbuzarliklar aniqlangan taqdirda chora ko‘radi.