O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Qambarota GES-1 qurilishiga tayyorgarlikni boshlashga kelishib oldi, deya xabar berdi O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Venada bo‘lib o‘tgan Qirg‘iziston energetika forumida uch mamlakat energetika idoralari rahbarlari kelishuv imzoladi.
Jahon banki ko‘magida 10-iyun kuni boshlangan tadbir respublika energetika sohasini taqdim etish va unga sarmoya jalb etish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Forumda 200 dan ortiq mehmonlar bor. Ular orasida loyihada ishtirok etayotgan uch davlat, Avstriya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari vakillari bor.
Bitim “yashil” energiya sohasida hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi. Tomonlar gidroelektr stansiyasi loyihasida suv-energetika resurslaridan foydalanishning o‘zaro maqbul mexanizmlarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
2023-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonda GES qurilishiga qo‘shildi. Qambarota GES-1 mamlakatning eng yirik elektr stansiyasiga aylanishi va qo‘shni davlatlarni energiya bilan ta’minlashi kerak.
Qozog‘iston hukumati aprel oyida gidroelektr stansiyasini qurish bo‘yicha qo‘shma kompaniya yaratish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv loyihasini taqdim etgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston 33%dan, Qirg‘iziston 34%dan ulushga ega bo‘ladi.
Avvalroq “Spot” 2025-yilda Rossiya O‘zbekistonda ikkita GAESni qurish loyihalarini ishlab chiqishi haqida yozgandi.
Shuningdek, “RusGidro” kompaniyasi Mullalak va Pskom GESlari qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorladi.