May oyida O‘zbekiston uy-joy bozoridagi faollik ketma-ket ikkinchi oy o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Xususan, o‘tgan oyda ko‘chmas mulk bozoridagi bitimlar soni 9%ga oshib, savdolar 21,6 mingta bitimni tashkil etdi.
Hududlar bo‘yicha eng katta o‘sish Samarqand viloyatida qariyb 21%ga, Andijon va Namangan viloyatlarida mos ravishda 19,3 va 15%ga kuzatilgan.
Toshkentda uy-joy ijarasi
May oyida uy-joy ijara bozori aprel oyidagi pasayishga nisbatan mo‘tadillashdi. Aprel oyi bilan taqqoslaganda poytaxtning aksariyat tumanlarida sezilarli o‘sish qayd etilmadi, o‘sish atigi 1,2%ni ko‘rsatdi.
Toshkentda uy-joy ijara narxi bir kvadrat metri uchun $8,4ni tashkil etdi.
Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi hamon yuqoriligicha qolmoqda, ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metri uchun o‘rtacha $10,5ni ko‘rsatmoqda.
Boshqa tumanlarga nisbatan arzon uy-joy ijara narxlari Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda.
Shu bilan birga, o‘tgan yilning may oyiga nisbatan poytaxt ijara bozori 6,7%ga qisqargan.
Ikkilamchi uy-joy bozori
May oyida ikkilamchi bozorda o‘rtacha narxlar o‘tgan oyga nisbatan 1,3%ga oshdi. Yillik ko‘rsatkichlarda narxlarning sezilarli darajada — 10,3%ga o‘sishi kuzatilmoqda, bu esa iqtisodiyotdagi umumiy inflyatsiya darajasiga yaqinlashmoqda.
Shunday qilib, oylik dinamikasining bir oz yumshatilishiga qaramay, ikkilamchi uy-joy narxlarining uzoq muddatli o‘sish tendensiyasi davom etmoqda.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari bo‘lib, ularda narxlar o‘rtacha 18,7%ga oshgan.
Joriy yilning may oyida poytaxtning ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning sezilarli darajada oshishi qayd etilgan hududlardagi vaziyatdan farqli, narxlar holati sezilarli o‘zgarishlarsiz saqlanib qoldi.
May oyida poytaxtda narxlar o‘sishi 1,1%ni tashkil etdi, bu o‘tgan oyning ko‘rsatkichiga to‘g‘ri keladi.
Yillik ko‘rsatkichda 2023-yil may oyiga nisbatan poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘sishi 11,1%ni tashkil etdi.
Poytaxtning markaziy tumanlari kontekstida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narx dinamikasini tahlil qilish vaziyatning turlicha ekanligini ko‘rsatadi.
May oyida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Uchtepa tumanlarida qayd etildi.
Narxlarning eng yuqori o‘sishini ko‘rsatgan ushbu uchta hudud uchun o‘rtacha hisobda ikkilamchi uy-joy narxining o‘sishi 1,5%ni tashkil etdi.