Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan 14-iyundan 20-iyunga qadar “Toshkent — Xiva — Toshkent”, “Toshkent — Qo‘ng‘irot — Toshkent”, “Toshkent — Shovot — Toshkent”, “Toshkent — Termiz — Toshkent” yo‘nalishlarida qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur yo‘nalishlarda harakatlanuvchi barcha yo‘lovchi poyezdlarga 4tadan 6tagacha qo‘shimcha vagonlar ulanib, poyezdlar tarkibidagi vagonlar soni 16tadan 22tagacha oshiriladi.

Shuningdek, 15−17-iyun kunlari yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Toshkent — Samarqand — Toshkent” yo‘nalishidagi “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Umumiy hisobda 15-iyundan 18-iyunga qadar mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlar orqali 126 000 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyati mavjud bo‘lib, shundan 13 000 nafari qo‘shimcha qatnovi yo‘lga qo‘yilgan yo‘lovchi poyezdlar orqali tashiladi.


Avvalroq “Uzbekistan Airways” Qurbon hayiti munosabati bilan qo‘shimcha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.

Parvozlar 15−18 iyun kunlari oralig‘ida Buxoro, Urganch, Farg‘ona, Termiz, Samarqand hamda Namangan shaharlariga amalga oshiriladi.

Shuningdek, bayram kunlari Toshkent metrosi qanday ishlashi ma’lum qilindi.

Qurbon Hayiti kuni metro harakati odatdagidan ikki soat oldin — 03:00dan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.


Avvalroq “Spot” 1-iyuldan mahalliy yo‘nalishlardagi temir yo‘l chiptalari narxi yana oshirilishi haqida yozgandi.

Xususan, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” poyezdlarining chiptalar narxi 25%ga oshmoqda.