Sandro Rtveladze “Ipoteka-bank"ning boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda “Spot"ga anonimlik sharti bilan bank sohasidagi manba ma’lum qildi.

Manbaning ta’kidlashicha, endi Sandro Rtveladzening nomzodi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanishi kerak.

“Spot” Sandro Rtveladzening tayinlanishi yuzasidan Ipoteka-bank matbuot xizmati bilan bog‘landi. Biroq, bank hozircha rasmiy ma’lumot bera olmasligini ta’kidladi.

“Ipoteka-bank” saytida 2021-yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan Elyor Inomjonov boshqaruv raisi sifatida ko‘rsatilgan.

Sandro turli mamlakatlarda “UBS”, “Liberty Bank” va “Bayport Financial Services” kabi kompaniyalarda yuqori lavozimlarda ishlagan.

2020-yilda O‘zbekistondagi “TBC Bank"ning Kuzatuv kengashini boshqargan.

2022-yildan 2023-yilgacha “OTP Bank"ning Rossiyadagi sho‘ba bankida boshqaruv raisi o‘rinbosari, 2023-yildan esa boshqaruv raisining Texnologiya, transformatsiya va strategiyalar bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlab kelayotgandi.


Avvalroq “Spot” Ulug‘bek Tavakkalov “Madad Invest Bank” boshqaruvi raisi etib tayinlangani haqida yozgandi.

U bungacha “Tenge Bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.