Janubiy Koreyaning “KoBiz Alliance” kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur masalada kompaniya vakillari hamda “Siha CNC” kompaniyasi bilan birgalikda texnopark rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar hamkorlik istiqbollarini va “KoBiz Alliance” faoliyatini rivojlantirishning strategik rejalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda asosiy e’tibor IT Park tomonidan ko‘rsatilayotgan imkoniyatlar va xizmatlar taqdimotiga, shuningdek, “KoBiz Alliance” kompaniyasining O‘zbekistondagi kelgusi strategik rejalariga qaratildi.
Ishtirokchilar “IT Park” va “KoBiz Alliance” o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, avtonom operatsion tizimlar, ma’lumotlarni hisoblash va sun’iy intellektga asoslangan yechimlar kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor berishdi.
“KoBiz Alliance” “IT Park” rezidentiga aylandi va O‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga jalb etish hamda o‘z jarayonlarini autsorsing qilishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya Koreya IT-assotsiatsiyalari va Turin universiteti bilan hamkorlikda 2024-yil sentabr oyida IT-fakultet tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Bu yil universitet 900 nafar talabani qabul qilishni va kelgusida Koreya kompaniyalarining yuqori autsorsing talablariga javob beradigan 30 000 nafar IT-mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilgan.
Kompaniyaga “Zero Risk” dasturida ishtirok etish va koreys tilida so‘zlashuvchi aholi soni ko‘p bo‘lgan Farg‘ona vodiysida navbatdagi ofisni ochish masalasini ko‘rib chiqish taklifi berildi.
“KoBiz Alliance” — 2024-yilning may oyida Toshkentda Seo Xong Guy va Kim Tae Jin tomonidan tashkil etilgan.
“IT Park” ta’kidlaganidek, u avtonom operatsion tizimlar, katta ma’lumotlar va sun’iy intellekt sohasidagi xizmatlarga ixtisoslashgan Janubiy Koreyaning “BizData” kompaniyasining sho‘ba korxonasi hisoblanadi.