“Qanot Sharq” aviakompaniyasi Namangan-Istanbul-Namangan yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi.
Shaharlar o‘rtasidagi birinchi reys 11-iyun kuni amalga oshirildi. Airbus A321neo samolyoti Turkiyaning eng yirik shahridan Namanganga 119 yo‘lovchini olib kelgan.
Qayd etilishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar haftada bir marta — payshanba kunlari Airbus A321 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Bir tomonga chipta narxi 2 mln 990 ming so‘mdan, ikki tomonga esa 5 mln 300 ming so‘mdan boshlanadi.
Shuningdek, 13-iyundan boshlab aviatashuvchi Qarshi-Istanbul-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshlaydi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Parvozlar haftada bir marta payshanba kunlari Airbus A321 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, “Qanot Sharq” aviakompaniyasi yaqin orada Qarshidan yana ikki yo‘nalish Qarshi-Moskva-Qarshi va Qarshi-Sankt-Peterburg-Qarshi yo‘nalishlarida parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
Iyun oyi yakuniga O‘zbekistonning sakkiz shahridan — Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus, Farg‘ona, Namangan va Qarshidan Istanbulga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlar amalga oshiriladi.
Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” Toshkent-Nyachang yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, poytaxtdan Vyetnamning kurort shahriga parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.