1-iyuldan “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” poyezdlarining chiptalar narxi 20% ga oshmoqda. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yo‘lovchi poyezdlarda qo‘shimcha servis xizmatlarini joriy etish, ularni yanada rivojlantirish, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, modernizatsiya qilish, yangi elektropoyezdlarni xarid qilish, vokzallarni zamon talablariga moslashtirishni hisobga olgan holda chiptalar narxiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, “Toshkent-Qarshi” yo‘nalishidagi poyezd chiptasi ekonom tarifida — 178 250 so‘m, biznes tarifida — 262 805 so‘m qilib belgilanmoqda.
Hozirda mazkur yo‘nalishda chipta narxlari ekonom — 150 600 so‘m, biznes — 218 244 so‘mni tashkil qilmoqda.
2023-yilning 1-noyabridan yo‘lovchi tashish temir yo‘l chipta narxlariga yangi tarif belgilangandi.
Unga ko‘ra, mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 44%ga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari esa 60%dan yuqoriroqqa oshirilgandi.
Joriy yil 20-yanvardan mahalliy yo‘nalishlardagi temir yo‘l chiptalari narxi yana oshirilgandi.
Xususan, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari hamda “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chiptalar narxi 20%ga oshirildi.
Keyinchalik 15-maydan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlarining chiptalar narxlariga yangi tarif belgilandi.
Chiptalar narxlari ekonom klass uchun 20%, biznes klassda 30% va VIP klass uchun esa 40%ga oshirildi.