O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) ishtirokida suv toshqini haqida ogohlantirish tizimlari o‘rnatiladi.
Bu haqda YUNESKO bosh direktori Odri Azule Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan “Barqaror rivojlanish uchun suv” xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi.
Azulening ta’kidlashicha, YUNESKOning ilmiy vakolatlari doirasidagi maqsadlaridan biri aholining muzliklarning erishiga qanchalik zaif ekanligini aniqlashdir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning yozida “O‘zbekistondagi Pskem daryosi va Qozog‘istondagi Talgar daryosi havzasida, shuningdek, Qirg‘izistondagi Oloy vodiysida suv toshqini haqida erta ogohlantirish tizimlari o‘rnatiladi.
“Biz bu tizimni Tojikistonda ham joriy etishni rejalashtirganmiz”, deya qayd etdi u.
Azulay o‘z nutqi davomida YUNESKOning 2022-yildagi hisobotini ham esladi, unda 2050-yilga borib tashkilotning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlarning uchdan birida muzliklar yo‘qolib ketishi ko‘rsatilgan.
“Ammo biz hali ham o‘z rolimizni o‘ynashimiz va qolgan uchdan ikki qismini himoya qilishimiz mumkin, chunki bu muzliklar insoniyatning umumiy merosi. Shuning uchun biz birgalikda harakat qilishimiz kerak”, dedi u.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantiruvchi tizim ishga tushirilishi haqida yozgandi.
Mazkur tizim doirasida O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi.