O‘zbekistondagi 7ta oliy ta’lim muassasasi 2024-yil uchun “THE Impact Rankings” reytingida Top-1000talikka kiritildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Reyting universitetlarning BMT tomonidan belgilangan 17ta Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga (BRM) qo‘shgan hissasini tahlil qildi.

Unda bu yil O‘zbekistonning 53ta oliy ta’lim muassasasi qayd etildi. Shulardan quyidagi 7tasi TOP-1000 talikdan joy oldi:

  • Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti — 301−400-o‘rin;
  • Toshkent davlat yuridik universiteti — 401−600-o‘rin;
  • O‘zbekiston milliy universiteti — 601−800-o‘rin;
  • “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti — 601−800-o‘rin;
  • Samarqand davlat universiteti — 801−1000-o‘rin;
  • Toshkent davlat texnika universiteti — 801−1000-o‘rin;
  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 801−1000-o‘rin.

Reytingda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti gender tengligi bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinni egalladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2021-yilda e’lon qilingan “THE Impact Rankings” reytingida yurtimizning 10 ta, 2022-yilda 30 ta, 2023-yilda esa 47 ta oliy ta’lim muassasalari o‘rin egallagan edi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistondagi 2ta oliy ta’lim muassasasi “QS World University Rankings” reytingida Top-1000talikka kiritilgani haqida yozgandi.