AQSH O‘zbekiston uchun savdo imtiyozlari va afzalliklarini qayta tiklashni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev 11-iyun kuni AQSh savdo vakili Ketrin Tay bilan uchrashdi. Ikki tomonlama muzokaralarda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi, GSP savdo tizimini qayta tiklash, C5+1 formati hamda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha doiraviy bitim doirasida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar sanoat kooperatsiyasi uchun yangi sohalarni aniqlash va tegishli loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma platformani ishga tushirish muhim ekanligini ta’kidladi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Amerika tomoni AQSh Kongressining O‘zbekistondan eksportni diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlashdagi rolini e’tirof etib, Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi (GSP) dasturini jonlantirish va yangilash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, tomonlar raqamli savdoni rivojlantirish bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha hamkorlik qilish niyatida. AQSh ham O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish istagini qo‘llab-quvvatlab, savdo rejimini tashkilot qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirishga yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Ketrin Tay O‘zbekistonni intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi barqaror ijobiy o‘zgarishlar tufayli “Maxsus 301 kuzatuv” ro‘yxatidan chiqarilgani bilan tabrikladi. Tomonlar bu borada yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Qayd etilishicha, ikki tomonlama maslahatlashuvlar yanada samarali normativ hujjatlarni ishlab chiqishga, tarifsiz to‘siqlarning oldini olishga va xalqaro savdo majburiyatlariga rioya etilishini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
Avvalroq “Spot” 10-iyundan AQSh elchixonasi yangi viza olish tizimini ishga tushirishi haqida yozgandi.
Endilikda arizachilar har qanday talab etiladigan viza to‘lovlarini suhbat sanasidan oldin to‘lashadi.