May oyida Markaziy bank 11ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan o‘tgan oyidagi yig‘ilishlarda 47ta masala ko‘rilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, o‘tgan oyda ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 36ta masala ko‘rib chiqildi.
Ulardan 2tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 2tasi kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda 2tasi mikromoliya tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish kabilar borasida bo‘lgan.
Kredit tashkilotlarining moliyaviy holati bo‘yicha banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan Markaziy bank talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokama qilindi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 3ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Amaldagi qonunchilik va Markaziy bank talablariga rioya qilinmaganligi va aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 11ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Shuningdek, 1ta mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvi natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jamiyatning kreditlash operatsiyalarini amalga oshirish faoliyati uch oy muddatga cheklandi.
Aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, tegishli choralarni ko‘rish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Markaziy bank aprel oyida 9ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagandi.
Bundan tashqari, 16ta bank va 2ta mikromoliya tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.