O‘zbekistonda OTMlarga kirish test sinovlari 14−28-iyul kunlari o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov Qonunchilik palatasidagi “Hukumat soati"da ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi yakunlangandan so‘ng, 1−25-iyul kunlari ijodiy imtihonlar, 14−28-iyul kunlari test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur tadbirlar bo‘yicha vazirlik, Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda oliygohlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, abituriyentlar ijodiy imtihonda to‘plagan balini o‘sha kunning o‘zida, testda to‘plagan balini ertasiga bilishi mumkin bo‘ladi.

Ijodiy imtihon va test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng, 15 kun davomida ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida abituriyentlar test ballaridan kelib chiqib, 5 tagacha oliygoh (yo‘nalish), ta’lim shaklini, tanlov ustuvorligini, ijodiy imtihon o‘tkazilgan yo‘nalishlar uchun esa qo‘shimcha ravishda tanlangan yo‘nalish bo‘yicha yana shuncha oliygohni tanlash huquqiga ega.


Joriy o‘quv yilidan boshlab davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlar “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq bir vaqtda o‘tkaziladi.

Bunda abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • birinchi bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi.
  • ikkinchi bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydilar.

Kollej va texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar kollej va (yoki) texnikumni, kasb va mutaxassislikni hamda ta’lim shaklini OTMlariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.