“Humo” milliy to‘lov tizimi Qirg‘iziston va Qozog‘istonda uzluksiz to‘lovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 12-iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Digital Uzbekistan” PLUS-forumida Milliy banklararo protsessing markazi direktori Shuhratbek Qurbonov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Spot” muxbiri.

“Bizning rejalarimiz bor — bu birinchi navbatda yaqin atrofdagi mamlakatlarga chiqish. Biz allaqachon moliyaviy tomondan yakuniy ishlarni tugatdik. Bular Qirg‘izistonda „Elkart“ va Qozog‘istonda „Halyk Bank“ bilan amalga oshirilgan loyihalardir. Biz „Humo“ kartalari u yerda ishlashini istaymiz. „Elkart“ misolida kartalar O‘zbekistonda ham ishlaydi. Ko‘ryapmizki, bunga talab bor, odamlar qo‘shni davlatlarga sayohat qilish uchun har doim ham ikkinchi kartaga muhtoj emas”, — dedi u.

Yana bir loyiha — protsessing banklarida “Humo” kartalarini chiqarishdir. Qurbonovning aytishicha, jarayon boshlangan, lekin ishlar “Humo” xohlaganidan ham sekinroq davom etmoqda.

Shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda to‘lov tizimi Ozarbayjon va Turkiya bozorlariga chiqish niyatida.

Qayd etilishicha, “Humo” hamkorlikka qiziqish bildirgan hamkorlar bilan dastlabki muzokaralarni boshlab yuborgan.

“Biz davom etamiz va kengayamiz. Eng muhim maqsad mintaqaviy va madaniy jihatdan yaqin mamlakatlarning yagona to‘lov maydonini yaratishdir”, — deya xulosa qildi Shuxratbek Qurbonov.

Bundan tashqari, “Humo” Gruziyadagi “TBC Bank” bilan uzluksiz to‘lovlar loyihasini ishga tushirdi, biroq to‘lov tizimi loyihaga boshqa mahalliy banklarni ham jalb qilmoqchi.


Avvalroq “Spot” “Humo” to‘lov tizimi operatori aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgani haqida yozgandi.

Davaktiv agentligi kompaniyaning yangi ustavini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Hozirda aksiyalarning birlamchi chiqarilishi ustida ish olib borilmoqda.