O‘zbekistondan Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi kamayishi mumkin. Bu haqda “Kommersant” nashri O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bo‘lim boshlig‘i Alisher Ro‘ziyevga tayanib xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, hozir O‘zbekistonda qurilish sohasi faol rivojlanmoqda, ba’zi obyektlardagi ish haqi esa Rossiyadagi mehnat haqi bilan raqobatlasha oladi.

“Bugungi kunda O‘zbekistonda qurilish sohasida keskin o‘sish bo‘lmoqda va tabiiy ravishda, bizdagi ish haqi Rossiyadagi ba’zi obyektlarniki bilan tenglashib qoldi. Shu sababli ushbu vaziyatda Rossiyaga jo‘nab ketayotgan fuqarolarmiz oqimining pasayish tendensiyasi kuzatilishi mumkin”, — dedi Ro‘ziyev.

Ro‘ziyevga ko‘ra, O‘zbekistondagi ba’zi yirik qurilish obyektlarida qurilish ixtisosliklari bo‘lgan ishchilar oyiga $500−600 ishlab topmoqda.

“Shunga ko‘ra, bunday ish haqi uchun Rossiyaga borish endi manfaatli bo‘lmay qoldi”, — deya qo‘shimcha qildi agentlik vakili.

Shuningdek, uning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish geografiyasini sezilarli darajada kengaytirgan, bu Yevropada ishchi kuchiga bo‘lgan talab hisobiga ham amalga oshgan.


Avvalroq “Spot” yil oxirigacha 300 ming nafar mehnat migrantining O‘zbekistonga qaytishi kutilayotgani haqida yozgandi. Dastlabki uch oyda xorijda vaqtincha ishlayotgan 115 ming nafar fuqaro mamlakatga qaytib kelgan.

Aprel oyida mehnat migratsiyasi jarayonlarini yaxshilash va xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingandi. Endi xorijga ishga ketayotgan fuqarolarga xarajatlarini qoplashga 3,4 mln so‘mgacha kompensatsiya beriladi.

1-sentabrgacha migrantlarga yordam ko‘rsatuvchi Call-markaz tashkil etiladi. Xorijdan chiquvchi qo‘ng‘iroqlar bepul amalga oshiriladi. 2025-yilning 1-iyuligacha yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi hamda mobil ilova ishlab chiqiladi.

Fuqarolarni xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etilmoqda. Kollejlarda kasb va chet tillari bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Xorijda ishlash istagidagilar to‘lov-kontrakt asosida o‘qishlari mumkin.

Migratsiya bo‘yicha o‘quv kurslariga jalb qilingan pedagoglarga 100%gacha ustama beriladi. Kasblar bo‘yicha ta’lim oluvchilarning chet tilidan sertifikati mavjud bo‘lsa, sarflangan xarajatlarining 50%gacha qismi qoplab beriladi.

Avvalroq Britaniyada ishlab qaytgan fuqarolarga to‘lagan soliqlari qaytarib berilishi ma’lum qilingandi. Hozirda 2023-yilgacha ishlaganlardan arizalar qabul qilinmoqda.