12-iyun kuni AQSh moliya vazirligi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi, deya xabar bermoqda “RBC” nashri.
Cheklovlarning yangi ro‘yxati 300 dan ortiq bandlarni o‘z ichiga oladi. Boshqa narsalar qatorida, AQSh moliya vazirligi Rossiya moliyaviy infratuzilmasiga nisbatan cheklovlarni sezilarli darajada kengaytirdi.
Shunday qilib, Moskva birjasi SDN ro‘yxatiga kiritildi. Platforma “Rossiya suveren qarzlari, Rossiya korporatsiyalari va mudofaa korxonalariga sarmoya kiritish orqali Kremlning urush mashinasidan foyda olish” uchun imkoniyatlar yaratishda ayblangan.
Moskva birjasidagi barcha valyuta operatsiyalarida kontragent vazifasini bajaruvchi Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysi ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ular bilan operatsiyalarni yakunlash uchun 2 oy muddat ajratilib, neft va gaz mahsulotlari bilan bog‘liq hisob-kitoblarni 1-noyabrga qadar amalga oshirishga ruxsat berildi.
Shundan keyin Moskva birjasi AQSh dollari va yevro, shuningdek, Gonkong dollari bo‘yicha savdolar to‘xtatilganini e’lon qildi, ammo blokirovka valyuta fyucherslariga ta’sir qilmasligiga aniqlik kiritdi.
“Dollar va yevrodagi operatsiyalar birjadan tashqari bozorda amalga oshiriladi”, deyiladi Rossiya Markaziy banki xabarida.
Regulyator ta’kidlaganidek, Rossiya kompaniyalari va fuqarolari banklar orqali valyuta sotib olish va sotishni davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.
Rasmiy kurs bank hisobotlari va birjadan tashqari raqamli savdo maydonchalari ma’lumotlari asosida hisoblanadi.
Yana bir qator kompaniyalarga ham sanksiya qo‘yilgan. “Tochka bank”, “Gazprominvest”, “Sinara — Transport Machines”, “Uralvagonzavod”, shuningdek, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish shular jumlasidandir.
AQSh xorijiy banklarga qarshi ikkilamchi sanksiyalar mexanizmini kengaytirmoqda. Endi ular uchun asos Rossiyaning sanksiyalangan banklari (VTB, Sber, Alfa Bank va boshqalar) bilan oziq-ovqat, dori-darmon, energetika va aloqa bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday muhim bitimlar bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, sentyabr oyidan boshlab Rossiya kompaniyalariga bir qator raqamli xizmatlarni taqdim etish taqiqlangan. Bunga bulutli texnologiyalar, dizayn tizimlari va IT-konsalting kiradi.
Avvalroq “Spot” “Alibaba” xaridlar uchun to‘lovni rublni qabul qilishni to‘xtatgani haqida yozgandi.
Shuningdek, kompaniya buyurtmalarni Rossiyaga yetkazib berishga ruxsat bermayapti.