Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Milliy banklararo protsessing markazi” (“Humo”) AJni xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi jalb etish bo‘yicha tanlov e’lon qildi.
Unga ko‘ra, to‘lov tizimining 100% aksiyalarini sotuvga qo‘yish rejalashtirilgan. Maslahatchi investorlarning qiziqishini tahlil qilishi, aktivning xususiyatlarini hisobga olgan holda bitim tartibini va uning shartlarini ishlab chiqishi kerak.
Vazifalar to‘lov tizimlari va tegishli xizmatlar bozorini tahlil qilish, shuningdek, aktivni har tomonlama o‘rganishni o‘z ichiga oladi.
Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, maslahatchi investitsiya jozibadorligini oshirish va sotish jarayonini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ilgari surishi kerak.
Arizalar o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida tender@davaktiv.uz elektron pochtasi orqali 26-iyun kuni soat 18:00gacha (Toshkent vaqti bilan) qabul qilinadi.
Tenderda alohida kompaniyalar ham, yetakchi hamkorga ega konsorsiumlar ham ishtirok etishlari mumkin.
Bu kabi operatsiyalarni, birinchi navbatda, MDH mamlakatlarida tashkil etish tajribasiga ega bo‘lish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Batafsil ma’lumotlarni +998712592067 telefoni orqali olish mumkin.
Avvalroq “Spot” “Humo” to‘lov tizimi operatori aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilgani haqida yozgandi.
Davaktiv agentligi kompaniyaning yangi ustavini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Hozirda aksiyalarning birlamchi chiqarilishi ustida ish olib borilmoqda.